Awesome Image

ZAFAROBODDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH KUNI

Ma’lumki, ish joyidagi baxtsiz hodisalar va kasalliklarning oldini olish maqsadida 28-aprel kuni Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni nishonlanadi.

 

Har yili bayram ma’lum bir shior ostida o‘tkaziladi. 2024-yilda Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kunining mavzusi “Iqlim o‘zgarishining mehnat xavfsizligi va gigienasiga ta’siri”. Chunki ob-havo sharoitidagi o‘zgarishlar faoliyat sohasiga, ayniqsa xodimlarning xavfsizligi va sog‘lig‘iga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

 

Ushbu sana munosabati bilan Konimex tumani Zafarobod qo‘rg‘onidagi “Yangi hayot” sog‘lomlashtirish majmuasi maydonida “Navoiyuran” davlat korxonasi va uning tarkibiy bo'linmalari mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi xizmati mutaxassislari ishtirokida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda "Navoiyuran" DK mehnat muhofazasi va barqaror rivojlanish bo‘yicha direktor S.Nurnazarov, 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi raisi D.Temirov, Boshqarma mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi xizmati mutaxassislari so‘zga chiqib, korxonada mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi muammolariga e’tiborni kuchaytirish, xavfsizlikni ta’minlash, ishchilarning mavjud ishlab chiqarish xatarlari va ulardan himoyalanish yo‘llari haqida xabardorligini oshirishga  qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, barchani kasb bayramlari bilan tabrikladilar.

 

Seminar doirasida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda "NKMK jamg‘armasi" DM Zarafshon hududiy boshqarmasining "Agama" to‘qimachilik-trikotaj fabrikasi, “Линия защитыkompaniyalar guruhi hamda Germaniyaning “UVEX” kompaniyasi hamda FF-SAFETY-GROUP firmasi mutaxassislari ishchi-xodimlar uchun taqdim qilgan maxsus ish kiyimlari va shaxsiy himoya vositalarini namoyish etdi.   

 

Shuningdek, seminar ishtirokchilari uchun tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan mahorat darslari foydali va qiziqarli bo‘ldi. Buning natijasida ular favqulodda holatlarda asosiy harakatlarni yana bir bor mashq qilishdi.

 

Tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasining tarkibiy bo‘linmalarida sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishda o‘z hissasini qo‘shgani uchun va Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan bir guruh muhandis-texnik xodimlarga korxona rahbariyatining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.